Search

Select language

×

News

Navoiy innovatsiyalar universiteti faoliyati yuzasidan e’lon qilingan maqolaga rasmiy munosabat
08.11.2026
10

So‘nggi paytlarda ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy innovatsiyalar universiteti faoliyatiga oid anonim murojaatlarga asoslangan tanqidiy materiallar e’lon qilinmoqda.

Mazkur materiallarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan munosabat bildirish bilan birga, universitetning jamiyat hayotidagi o‘rni, bugungi kunga qadar erishgan natijalari hamda amalga oshirilayotgan ishlari haqida ma’lumot berishni muhim deb hisoblaymiz.

Navoiy innovatsiyalar universiteti mamlakatimizda nodavlat oliy ta’limni rivojlantirish va ta’lim qamrovini kengaytirish borasida yaratilgan imkoniyatlar asosida 2023-yilda faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda universitetda 10 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Universitetning tashkil etilishi Navoiy viloyati va unga yaqin hududlardagi yoshlarga o‘z yashash joyidan uzoqlashmasdan oliy ta’lim olish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratdi. Bu esa oilalarning farzandlarini boshqa viloyatlar yoki xorijga o‘qishga yuborish bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, universitet sifatli ta’limni ta’minlashda zamonaviy o‘quv binolari, xavfsiz va qulay ta’lim muhiti, mustahkam moddiy-texnik baza hamda malakali professor-o‘qituvchilar salohiyati birdek muhim ekanini yaxshi anglaydi.

Prezidentimiz ham yaqinda Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish munosabati bilan ta’lim sifatini oshirish, sohada yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifalarini belgilab berdilar.

Bu vazifalar nodavlat oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, ta’lim qamrovini kengaytirish bilan birga, uning sifatini oshirish va mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash ham muhimdir.

Albatta, qisqa muddatda faoliyat ko‘lamini kengaytirib borayotgan har qanday muassasada muayyan tashkiliy va amaliy masalalar yuzaga kelishi mumkin. Muhimi, ularni e’tiborsiz qoldirmasdan, o‘z vaqtida bartaraf etish va takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.