Bugungi global raqobat muhiti har bir yoshdan o‘z ustida doimiy ishlashni, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishni va shaxsiy rivojlanishga jiddiy e’tibor qaratishni talab qiladi. Ayniqsa, talabalar uchun bu davr o‘z hayot yo‘lini belgilashda hal qiluvchi bosqichdir. Shuning uchun ham bizning oliy ta'lim muassasamiz yosh avlodning bilim darajasini va kasbiy salohiyatini keyingi bosqichga olib chiqish, ularga xalqaro standartlarga mos ta’lim berish maqsadida tashkil etilgan.
Universitetimiz har qanday yoshdagi talabalar uchun ochiq. Bu yerda o‘qish istagida bo‘lgan har bir inson o‘z orzulariga yaqinlashish, yangi bilimlar egallash, malakasini oshirish va zamonaviy kasblarni o‘rganish imkoniyatiga ega. Ta’lim tizimimiz xalqaro tajribaga ega professional pedagoglar tomonidan olib boriladi. Har bir o‘quv dasturi chuqur tahlil qilingan, jahon ta’lim standartlariga asoslangan va talabalar ehtiyojlariga moslashtirilgan.
Ta’lim sifati va uning amaliy natijasi biz uchun eng muhim qadriyatdir. Shu boisdan ham, universitetimizda o‘qitilayotgan har bir fan – bu nafaqat nazariy bilimlar, balki real hayotda qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘nikmalar jamlanmasidir. Talabalar dars jarayonida innovatsion metodikalar, zamonaviy texnologiyalar va jahon tajribasi asosida saboq oladilar.
Universitetimizda hozirda 16 ta ta’lim yo‘nalishi va 3 ta ixtisoslik bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Har bir yo‘nalish tegishli sohadagi zamonaviy talablarga javob beruvchi, o‘z kasbini puxta egallagan, milliy va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan kadrlarni tayyorlashga qaratilgan. Ta’lim jarayonida talabalarga nafaqat nazariy bilim, balki amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriyalar va loyihalar orqali kasbiy ko‘nikmalar ham singdiriladi.
Bundan tashqari, universitetimizda xorijiy tillar – ingliz, nemis, koreys va boshqa tillarni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa talabalarimizni nafaqat mahalliy, balki xalqaro bozorlar uchun ham tayyorlaydi. Har bir bitiruvchi zamonaviy kasbga ega bo‘lgan holda, chet tillarini mukammal bilgan, mustaqil fikrlaydigan, kuchli lider sifatida katta hayot sari dadil qadam tashlashi mumkin.
Bizning universitetimiz xalqaro hamkorlik aloqalariga katta e’tibor qaratadi. Hozirda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Latviya, Koreya, Hindiston kabi mamlakatlardagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa talabalarimiz uchun tahsilni xorijda davom ettirish, ikki tomonlama diplom dasturlarida qatnashish, xalqaro tajriba orttirish va global miqyosda o‘z salohiyatini namoyish etish imkonini yaratadi.
Universitetimiz orqali talabalar xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashib, nafaqat xorijda o‘qish, balki o‘sha mamlakatlarda stajirovka o‘tash, sayohat qilish, yangi madaniyatlar bilan tanishish va chet ellik talabalar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa ularning dunyoqarashi kengayishiga, til ko‘nikmalarining yanada rivojlanishiga va shaxs sifatida yetuklashishiga xizmat qiladi.