🟢 “Raqamlashtirish davrida maktabgacha ta'limning global kelajagi: ta'lim, tarbiya muammolari va yechimlari” mavzuida bo'lib o'tadigan ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya munosabati bilan erta tongdan shahrimizning "Ma'naviyat va ma'rifat markazi" madaniyat saroyining darvozalari mehmonlar uchun keng ochilib, ushbu dargohda anjuman ishtirokchilarini tantanali kutib olish uchun tayyorgarlik jarayonlari boshlab yuborildi.
🟢 Nihoyat ko'tarinki kayfiyat bilan kirib kelgan ilk mehmonlar Navoiy innovatsiyalar universiteti jamoasi tomonidan qizg'in kutib olindi. Mazkur anjumanga Turkiya davlati, Ozarbayjon va Qozog'iston Respublikalaridan tashrif buyurgan xalqaro toifadagi mutaxassislar, O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligidan soha mutaxassislari, yurtimizning oliy ta'lim professor-o'qituvchilari, pedagog olimlar, maktabgacha ta'lim sohasi vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar tashrif buyurishdi.
🟢 Tadbir avvalida Navoiy innovatsiyalar universiteti rektori J.Mavlonov so'zga chiqib, tadbir ishtirokchilariga tashriflari uchun minnatdorlik izhor etib, ushbu konferentsiyadan ko'zlangan maqsadning naqadar dolzarb ekanligini, yurtimiz kelajagi bo'lgan yosh avlod ta'lim-tarbiyasi mas'uliyati avvalo maktabgacha ta'lim dasturida ekanligini ta'kidlab o'tdi.
🟢Shundan so'ng Turkiya davlatidan tashrif buyurgan professor, dr. Seher Balji Chelikka so'z berilib, xorijlik mutaxassis maktab yoshigacha bo'lgan kichik bolalar uchun sifatli ta'lim muammolarini global darajada samarali hal qilish, hamkorlikda tezkor yechim va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish halqaro ahamiyatga ega mavzu ekanligini ta'kidlab o'tdi.
🟢 So'zga chiqqan barcha qatnashchilar bu sohada nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyodagi maktabgacha ta'lim sohasidagi muammo va kamchiliklarni o'rganish, tahlil qilish, yechimlar va takliflar berish hamda xorijiy davlatlar tajribalarini o'rganish kerakligini ta'kidladilar.
🟡 Shundan so'ng tadbirga tashrif buyurgan ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlanib, fotosuratga tushish uchun sahnaga taklif etildi. Va bugungi esda qolarli kun tarix zarvaraqlariga muhrlandi.