2025-yil 16-may kuni Buxoro viloyatidagi ZARMED universiteti Buxoro kampusida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan 1-Respublika fan olimpiadasida mamlakatimizning 26 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi ishtirok etdi.
Quvonarlisi, ushbu ilmiy bellashuvda Navoiy innovatsiyalar universiteti talabalari umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Bu yutuq — universitetimiz talabalari bilimining, mehnatsevarligi va fidoyiligining yorqin ifodasidir. Ayniqsa, bu muvaffaqiyat yurtimiz ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy pedagogik uslublar va ilmga bo‘lgan yuksak e’tiborning samarasi ekanligidan darak beradi.
Universitet rektori, s.f.d., professor J.Mavlonov mazkur yutuq bilan g‘olib talabalarni chin dildan tabriklab, ularning kelgusida ham xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlarga erishishlariga ishonch bildirdi.
Navoiy innovatsiyalar universiteti jamoasi ushbu zafarli natija bilan yana bir bor o‘zining ilm-fan sohasidagi peshqadamligini namoyon etdi.
Tabriklaymiz, aziz talabalar! Siz bilan faxrlanamiz!