Matematikaning chuqur sirlariga sayohat
Joriy yilning 12-mart kuni Navoiy innovatsiyalar universitetida Axborot texnologiyalari va tizimlari yo‘nalishi 2-1-guruhi talabalari uchun Hisob (calculus) fanidan ochiq dars bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotni Iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi o‘qituvchisi Zebiniso Norqulova olib bordi.
Dars davomida "Ikki o‘zgaruvchili funksiyaning aniqlanish sohasi, limiti va uzluksizligi", shuningdek, "Birinchi va ikkinchi tartibli xususiy hosilalar" mavzulari atroflicha o‘rganildi. Talabalar mavzuni chuqur anglab yetishlari uchun dars interaktiv usullar – "Aqliy hujum", "Blits so‘rov", "Zinama-zina" va "Klaster" texnologiyalari asosida tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida talabalar kichik guruhlarga bo‘linib, amaliy masalalarni hal qilishdi. Hakamlar hay’ati tomonidan baholab borilgan darsda talabalar nazariy bilimlarini mustahkamlash barobarida ularni real masalalarga qo‘llash ko‘nikmalarini ham shakllantirishdi. Ochiq dars faol va samarali o‘tib, barcha ishtirokchilarga foydali tajriba bo‘ldi.