Qidirish

“ILMLI AYOL – JAMIYAT KO‘ZGUSI"
mavzusida ilmiy-amaliy seminar
 
      Navoiy innovatsiyalar universitetida “Olima qizlar klubi” tomonidan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Seminarni universitet rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Jo‘rabek Yorqulovich Mavlonov ochib berdi va dunyo hamjamiyatida oʻzbek olimalarining, ayniqsa, Navoiy innovatsiyalar universiteti olimalarining faoliyati ortib borayotgani haqida iliq fikrlar bildirdi.
 
 
         Seminarning asosiy maqsadi ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishgan ayollarni e’tirof etish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va yosh avlodga o‘rnak bo‘ladigan faoliyatini targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.  
 
 
     Seminarda “Olima qizlar klubi” a’zolari, ilmiy izlanish olib borayotgan ayol tadqiqotchilar, doktorantlar hamda iqtidorli talaba-qizlar ishtirok etishdi. Dastlab, ayol olimalarning ilm-fandagi yutuqlari, ularning mashaqqatli mehnati va jamiyatga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
 
 
      “Olima qizlar klubi” a’zolari o‘zlarining ilmiy tajribalaridan kelib chiqib, ayollarning ilm yo‘lidagi fidoyiligi, erishgan muvaffaqiyatlari va bu borada yoshlarga kerakli tavsiyalarini berdilar.  
 
 
          Seminar davomida so‘zga chiqqanlar ilm yo‘lida sobitqadamlik, doimiy izlanish va intiluvchanlikning muhimligi haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilarning innovatsion g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanishi, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar xususida ham so‘z yuritildi. Seminar so‘nggida “Olima qizlar klubi” a’zosi Umurzakova Umida Nosirjonovna dotsent unvoniga ega bo‘lganligi munosabati bilan universitet rahbariyati tomonidan taqdirlandi. 
 
        
      Ushbu seminar ayol olimalarning mehnatini e’tirof etish, yosh avlodni ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
 Navoiy innovatsiyalar universiteti
Matbuot xizmati