Qidirish

Navro‘z – yangilanish va go‘zallik bayrami!
 
    Navoiy innovatsiyalar universitetida nafosat va go‘zallik ramzi bo‘lgan, yangilanish va yosharish ayyomi – Navro‘z keng nishonlandi. Oliygoh hovlisida tashkil etilgan Navro‘z saylida turli ko‘rgazmalar, kichik sport o‘yinlari, qozoq millatining milliy ramzi bo‘lmish o‘tov va gullar bilan bezalgan sahna bayramona shukuh ulashdi.
 
 
 
      Oliygoh uzra yangrayotgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar ostonadan kirgan har bir kishiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, haqiqiy bayramona xursandchilik ulashdi. Professor ayol o‘qituvchilar va talaba qizlarning kamalak ranglarini o‘zida jam etgan milliy liboslari ko‘zni quvontiradi.
 
 
       Bir tomonda jaranglayotgan laparlar o‘zbek milliyligini aks ettirsa, ikkinchi tomonda qardosh qozoq millatiga mansub talaba yigit-qizlar do‘mbiraning sehrli ohangiga hamohang holda kuylayotgan qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarni maftun etib, o'ziga ohangrabodek tortadi.
 
     
     Navro‘z bayrami albatta milliy taom – sumalak bilan mashhur. Universitet xodimlari tomonidan bir kun oldin tayyorlanishga kirishilgan sumalak tong saharda yopilib, bayram avjida tayyor bo‘ldi. U kattayu kichikka ulashilib, barcha bahor taomidan bahramand bo‘ldi.
 
 
      Bayram tashrif buyurganlarga esda qolarli va o'zgacha tarovatda o‘tdi. Barchaga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!