"Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat taraqqiyotiga tahdid"
Navoiy Innovatsiyalar Universitetida Navoiy viloyati IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i, mayor X.Muxtorov talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatimizda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, yoshlarni bu illatlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston azaldan turli millat va din vakillari tinch-totuv yashab kelayotgan yurtdir. Biroq bugungi kunda ayrim ekstremistik oqimlar yoshlarni o‘z ta’sir doirasiga tortishga harakat qilmoqda. Xususan, ular internet orqali targ‘ibot olib borish, diniy mazmundagi materiallarni tarqatish, “hujralar” tashkil etish kabi usullardan foydalanayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, xorijga ish izlab ketgan ayrim yoshlarning ekstremistik g‘oyalarga aldanib, qaytgach, atrofdagilarni bu yo‘lga targ‘ib qilayotgani haqida ogohlantirildi. Ekstremistik oqimlarning ta’sirini kamaytirish uchun yoshlarning ilmiy saviyasini, kasb-hunar va axloqiy tarbiyasini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Bu borada nafaqat hukumat va ta’lim muassasalari, balki har bir ota-onaning ham mas’uliyati borligi alohida ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldilar.